Tumanda to‘qqiz oy davomida fuqarolar manfaatini himoya qilish borasida amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida

Inson va fuqaroning huquq va erkinliklari - insonga bekamu koʻst yashash imkoniyatini beruvchi va iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, siyosiy sohalarda oʻz imkoniyat va talablarining amalga oshirilishini taʼminlovchi huquqiy maqomdir. OʻzR Konstitutsiyasining ikkinchi bo‘limi inson va fuqaroning asosiy huquqlari, erkinliklari va burchlari to‘g‘risida bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasida insonning huquq va erkinliklari xalqaro huquqning umume’tirof etilgan normalariga binoan hamda ushbu Konstitutsiyaga muvofiq e’tirof etiladi va kafolatlanadi. Inson huquq va erkinliklari har kimga tug‘ilganidan boshlab tegishli bo‘lishi, Oʻzbekistonning har bir fuqarosiga, uning jinsi, irqi, millati, tili, diniy eʼtiqodi, ijtimoiy kelib chiqishi, maslagi, shaxsiy va ijtimoiy ahvolidan qatʼi nazar, inson huquqlari va erkinliklari buzilmasligini, sud yoʻli bilan himoya qilinishini kafolatlab qo‘yilganligi, barcha fuqarolarning qonun oldida tengligiga asoslangan holda, oʻzgalarning huquqlariga hurmat bilan qarash tamoyillarini, oʻzgalarning qonuniy manfaatlarini, huquq va erkinliklarini buzish hisobiga oʻz huquq va erkinliklarini roʻyobga chiqarishga yoʻl qoʻyilmasligi, ijtimoiy adolat va hamjihatlikni taʼminlashga qaratilganligi, oʻz navbatida Respublika hududida yashovchi shaxslar Konstitutsiyada taʼkidlangan huquq va erkinliklarga, xalqaro huquq meʼyorlariga rioya etishi zarurligi belgilab qo‘yilganli fuqarolar huquq va manfaatlarini himoya qilinishida dasturi amal bo‘lib xizmat qilmoqda.

Xususan tumanimizda 2023-yil 9 oy davomida fuqarolar huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida jismoniy va yuridik shaxslardan jami 155 ta murojaatlar kelib tushgan bo‘lib, shundan 107 tasi qanoatlantirilgan va 43 tasiga huquqiy tushuntirish berilgan. Tuman darajasidagi 68 ta davlat organlari va tashkilotlarida 31 ta o‘rganish va monitoringlar o‘tkazildi, o‘rganish va monitoringlarda jami 5987 ta qonun buzilish holatlari aniqlangan bo‘lsa, qonunchilik hujjatlari buzilishi holatlarini bartaraf etish, bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan tegishli davlat organlari va tashkilotlariga 71 ta taqdimnomalar kiritilgan, qonunchilik hujjatlariga zid 387 ta hujjatlar bekor qilindi yoki qonun hujjatlariga muvofiqlashtirildi. Fuqarolarning huquq va manfaatini ko‘zlab,  sudlarga umumiy qiymati 754 547 698 so‘mlik 131 ta ariza va da’vo arizalari kiritilib, qanoatlantirildi.

Mazkur davr mobaynida, amaldagi normativ-huquqiy hujjatlar talablarini buzgan jami 48 nafar mansabdor shaxslarga nisbatan, ularni ma’muriy javobgarlikka tortish masalasini hal etish uchun tegishli idoralarga ma’muriy takliflar kiritilib, ular O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining turli moddalari bilan ma’muriy javobgarlikka tortilgan.

Bolalarning huquq va erkinliklarini himoya qilish borasida, Fuqarolik sudlarida 63 nafar bolalarning sud jarayonlarida qatnashildi va ularning manfaatlari himoya qilindi. 13 nafar bolaning ota onasidan qolgan mulklari taqiqqa qo‘yildi, Notarial idoralarda 12 nafar bolaning ulushlari begonalashtirish jarayonlarida qatnashildi. Ota onasi qaramog‘isiz qolgan 27 nafar bolalarga vasiylik va homiylikka olinib ularga tegishli tartibda nafaqalar tayinlandi. 1 nafar voyaga yetmagan nogironligi bo‘lgan bola go‘daklar uyiga joylandi. 4 nafar kasb-hunar maktablarida taʼlim olishda qiynalayotgan bolalar maktabga qaytarildi. Vasiylik va homiylikdagi chin yetim bolalarning 23 nafariga "Mehr daftari" jamg‘armasidan orzu istaklarida ko‘rsatib o‘tilgan narsa buyumlar olib berildi.

Shuningdek fuqarolarning huquqiy savodxonligini oshirish maqsadida tumandagi tegishli davlat organlari va tashkilotlari bilan hamkorlikda 874 ta huquqiy targ‘ibot ishlari amalga oshirilgan bo‘lib, shundan 201 tasi ommaviy axborot vositalari, ya’ni televideniye, radio, gazeta va jurnal, veb-sayt va boshqa elektron axborot vositalari orqali, 673 tasi og‘zaki huquqiy targ‘ibot va bundan 406 tasi uyma-uy yurish orqali amalga oshirilgan huquqiy targ‘ibot, 4 tasi yozma huquqiy targ‘ibot hisoblanadi.

Inson manfaatlari hamisha ustuvor yurtimizda fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, ularni qo‘llab-quvvatlash borasida qator ishlar amalga oshirilib kelinmoqda. Davlatimiz rahbarining «Xalq davlat idoralariga emas, balki davlat organlari xalqimizga xizmat qilishi kerak» degan iboralari bugungi kunda barcha korxona-tashkilotlarning shioriga aylandi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Tuman hokim v.v.b                                                      I.Sayfiddinov

2015-2024 © Qo'shrabot tuman hokimligi. Sayt yaratuvchisi: SAKTRM