Qo’shrabot tumani hokimi Okbutayev Ximmat Kuchkarovichning “Yashil makon” umummilliy harakati doirasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida tuman aholisiga murojaati

Assalomu alaykum, qadrli yurtdoshlar, aziz Qo‘shrabotliklar!          

Joriy yilning 2 noyabr kuni Muhtaram Prezidentimiz rahbarligida 2021-2022 yillar davomida manzarali va mevali ko‘chatlar ekish, yangi bog‘lar barpo qilish ya’ni “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirishga bag‘ishlangan kengaytirilgan videoselektor bo‘lib o‘tdi.

Davlatimiz Rahbari “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida yiliga 200 mln tup daraxt va buta ko‘chatlarini ekish, shu orqali shaharlardagi yashil maydonlarni amaldagi 8 foizdan 30 foizga oshirish rejasini ma’lum qilib, 2 noyabrdan 10 dekabrgacha bo‘lgan muddat ichida daraxt ekish bo‘yicha “dolzarb 40 kunlik” deb e’lon qildi va bu bo‘yicha aniq vazifa va topshiriqlarni belgilab berdilar.

Albatta, Davlatimiz Rahbari tomonidan bu boradagi ishlarning keskin tanqid qilinishi, ko‘chat ekish va shu orqali yashil maydonlar ko‘lamini oshirish masalasining davlat siyosati darajasiga ko‘tarilishi bejiz emas.

Yurtboshimiz mamlakatimizda o‘tgan 30 yil davomida ko‘chat ekish, uni parvarishlash, sug‘orish tizimini to‘laqonli yaratilganda ekkan ko‘chatlarimizni 10% ko‘kargan taqdirda ham O‘zbekiston yashil makonga aylanishi mumkinligini ta’kidlab, atrof muhitni ifloslanishi, noqulay ob-havolarni yildan-yilga yomonlashishi, hatto qushlarning ham yo‘qolishi fojia hisoblanib, insoniyatning sog‘lig‘iga katta xavf paydo bo‘layotganligi haqida to‘xtaldilar.

Bundan tashqari ushbu masalaga yetarli darajada e’tibor qaratilmaganligi, hududlarda infrastruktura yaratish loyihalarida, massivlar tashkil qilishda, yo‘l qurilishi ishlarida ko‘chat ekish va atrofni ko‘kalamzorlashtirish deyarli inobatga olinmaganligiga ham alohida e’tibor qaratdilar.

Shuningdek endi bunday salbiy holatlarga yo‘l qo‘ymaslik, vijdon bilan yondashish to‘g‘risida tegishli vazirlik va davlat organlariga topshiriqlar berdilar.

 

Hurmatli Qo‘shrabotliklar!

Aziz do‘stlar Yurtboshimizning topshiriqlaridan kelib chiqqan holda manzarali va mevali ko‘chatlar ekish, bu jarayonda yuzaga kelgan muammolarni tezkorlik bilan hal etish bo‘yicha tuman hokimligida, mening rahbarligimda “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish shtabi tuzildi.

Tumandagi 4 ta sektor va tegishli korxona, tashkilotlar rahbarlari bilan hamkorlikda manzalari va mevali ko‘chatlarni barpo qilish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar ishlab chiqdik.

Chora-tadbirimizda 4 ta yo‘nalishga e’tiborimizni qaratib, aniq ega kesimini belgilab oldik.

1-yo‘nalish: Ko‘chat ekish, manzarali va mevali daraxtlarni barpo qilish, ko‘chatlarning navlarini saralash, ularni qaerdan olish va moliya manbalarini o‘z vaqtida aniqlash yuzasidan aholi o‘rtasida targ‘ibot-tashviqot ishlarini yo‘lga qo‘ydik.

2-yo‘nalish: Tuman hududidan o‘tuvchi mahalliy va Respublika ahamiyatidagi yo‘llarning atrofiga G‘o‘jim, Qarag‘ay, Tut va boshqa manzarali daraxtlarni ekish va uni sug‘orish tizimini tashkil qilish bo‘yicha alohida ishchi-guruh tuzildi. Hozirda 2 ta suv qudug‘i va 20 mingdan ziyod manzarali ko‘chatlar ekildi.

3-yo‘nalish: Tumandagi korxona va tashkilotlar, shuningdek ijtimoiy soha ob’ektlarining bo‘sh yer hududlarida mevali va manzarali ko‘chatni tashkil etish, bu jarayonda korxona, tashkilotlar o‘z mablag‘lari hisobidan ko‘chat ekish, ijtimoiy soha ob’ektlari, maktab, bog‘cha, sog‘liqni saqlash tizimida esa mahalliy budjet hisobidan ko‘chatlarni ekish yo‘lga qo‘yildi.

4-yo‘nalish: Bu fermer xo‘jaliklari yer maydonlarida bog‘-tok barpo qilishni yo‘lga qo‘ydik. Hozirga qadar 270 gektar yerga 270 ming dona tok ko‘chatlari ekilib, dala atrofiga va alohida maydonlarga tut plantatsiyalarini tashkil qilish o‘zimizga vazifa qilib qo‘ydik.

5-yo‘nalish: Tumanda 21 mingdan ziyod aholi xonadonlari va 7 mingdan oshiq dehqon xo‘jaliklari mavjud bo‘lib, o‘tgan 4 yil ichida bog‘-tok ekish, sabzavot va poliz mahsulotlarini ekib etishtirish bo‘yicha katta tajriba orttirdik.

Buning uchun Sizlarga o‘z minnatordorchiligimni bildirmoqchiman. Qachongacha osmonga qarab o‘tiramiz. Yerdan daromad topishni o‘rgandingiz.

 

 

Shundan kelib chiqqan holda bu ishlarimizni mantiqiy davomi sifatida yangi tok maydonlarini barpo qilish, tomorqalar va dehqon xo‘jaliklari atrofida achchiq gilos (olboli) ekishni ham oldimizda ustuvor vazifa bo‘lib turibdi.

Hurmatli fuqarolar dunyo miqyosida tahlil qiladigan bo‘lsak, statistik hisob-kitoblarga ko‘ra, har yili dunyo bo‘ylab 12 million gektar, 1 daqiqada esa 23 gektar yer cho‘llanadi. Cho‘llangan suvli hududlarning 87 foizi oxirgi 300 yil ichida shunday holga kelgan. Yana ham yaqin tarixga qaraydigan bo‘lsak, cho‘llanishning 54 foizi oxirgi 100 yilga to‘g‘ri kelgan. 

Hurmatli Qo‘shrabotliklar! Yurtboshimiz “Yashil makon” umummilliy dasturini to‘laqonli amalga oshirishni vazifa qilib qo‘ygan ekan men sizlarga ishongan holda bu dasturni kelajagimiz uchun birgalikda yaratamiz degan umiddaman!

Endi Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida hamda aholi salomatligini asrash, ularga namunali tibbiy xizmat ko‘rsatish borasida amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusidagi rejalar haqida qisqacha to‘xtalsam.

Albatta, aholi salomatligini asrash, ularga namunali tibbiy xizmat ko‘rsatish oldimizdagi eng muhim vazifalardan biri hisoblanadi.

Habaringiz bor, o‘tgan 5 yil ichida Yurtboshimizning tashabbuslari bilan sog‘liqni saqlash tizimiga, uning moddiy texnika bazasini yaratish, zamonaviy tibbiy jihozlar bilan ta’minlash shakl nuqtai nazaridan markaziy shifoxona, poliklinika, oilaviy shifokorlik punktlarini rekonstruksiya qilish, arxitektura ko‘rinishi o‘zgartirib, zamon talabiga moslashtirish bo‘yicha tumanimizga juda katta mablag‘ ajratildi.

Buning  natijasida rekonstruksiya qilinmagan tibbiyot muassasalari qolmadi.

Joriy yilda ham Toz, Oqchopsoy, Jonbuloq oilaviy shifokorlik punktlari to‘liq yangidan  jihozlandi.

Faoliyat ko‘rsatayotgan 10 ta tez tibbiy yordam shaxobchalari to‘liq tibbiy  yordam mashinalari bilan ta’minlandi,  2021 yilda 4 ta yangi tibbiy mashina olib kelinib aholi xizmatiga berildi.

Tuman markazidan ancha uzoq bo‘lgan Pangat, Toz, Yangiqishloq, Oqchobsoy, Jonbuloq, Urganji  oilaviy shifokorlik punktlariga oliy ma’lumotli tibbiyot xodimlari chetdan jalb qilinib ishga qabul qilinib, Yurtboshimizning qarorlari asosida ularga tegishli sharoit yaratilib, moliyaviy jihatdan qo‘llab quvvatlandi.

Aholiga qulaylik yaratish, maqsadida bemorlarning shifokor huzurida soatlab kuniga navbat kutib turishi oldini olish, bemorning umumiy ahvoli haqidagi ma’lumotlar bazasini o‘z ichiga olgan “Elektron poliklinika” tizimini yaratish, ularning uyida turib navbatga yozilishi, vaqtini shifokor qabulida behuda o‘tkazishining oldini olish, kasallik tarixi shifokorning qo‘lida bo‘lishini ta’minlaydi.

         Murojaatimda yana shuni aytmoqchimanki, xalqimiz,  oilamiz,  farzandlarimiz  salomatligi  va  hayoti biz uchun eng katta boylik ekanligi, aholi salomatligini asrash, ularga sifatli  tibbiy xizmat bilan ta’minlash eng muhim vazifalarimizdan biri bo‘lib hisoblanadi.

       Tananing sog‘lom bo‘lishi va uni turli kasalliklardan saqlash har bir insonning burchidir.

       Hozirgi kunda qanchalik dori-darmonlar ko‘paymasin, tibbiy muassasa sifati, shifokorlar saviyasi, tibbiy texnika yaxshilanmasin, agar insonning o‘zi o‘z salomatligi haqida qayg‘urmasa, kutilgan natijaga erishib bo‘lmaydi.

         Shu fursatdan foydalanib, Sizlarga o‘z sog‘lig‘ingizni o‘zingiz asrashingiz, uni qadrlashingiz nuqtai nazaridan bir fikrni aytmoqchiman.

      Hozirgi kunda tumanda aholining turmush darajasi oshib borishi bilan bir vaqtda yurak qon-tomir tizimi  kasalliklari, onkologik kasalliklar yildan yilga ko‘payib bormoqda. Ushbu kasalliklar asosiy sabablari ovqatlanish meyorlariga rioya qilmaslik, zararli odatlar, kam harakatlilik,   vaznning oshib borishi kabilar hisoblanadi.

“Obod qishloq”, “Obod mahalla” doirasida hamda Yurtboshimizning «Sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonlariga asosan tumanizning “Buloqboshi”, “Qo‘shrabot”, “Mustaqillik”, “Jonbuloq”, “Jo‘sh ota”, “Chimmos” MFY lari hududlarida  salomatlik yo‘laklari qurildi. Yurush, yugurush, mini-futbol, velosport, « Workout » (mahalla va ko‘cha fitnesi) sportning ustuvor turlarini rivojlantirish maqsadida tegishli sport maydonlari qurilib, aholiga foydalanish, sport bilan shug‘ullanish uchun  shart-sharoit yaratildi.

 O‘z sog‘lig‘ingizni asrash, uni profilaktika qilish maqsadida yuqoridagi yaratilgan sharoitlardan kelib chiqqan holda ommaviy sport bilan shug‘ullanishlaringizni so‘rab qolaman, shundagina ortiqcha ovoragarchiliksiz o‘z sog‘ligingizni o‘zingiz asragan bo‘lasiz.

 

E’tiborlaringiz uchun katta rahmat!

2015-2024 © Қўшработ туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM